Полная версия Изображения: Вкл Выкл    Размер шрифта: A A A    Цвет сайта: A A A A
TELEFONLAR
+99871 244-34-01
ISHONCH TELEFONI
+99871 244-37-81

Beshta muhim tashabbus – amalda!

Joriy yilning 22-iyun kuni Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida katta bayram tadbiri tashkil etildi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning amaliyotga tadbiqiga bag‘ishlangan ushbu tadbirda mutasaddi tashkilotlar, turli soha vakillari, adabiyot va san’at namoyondalari hamda tuman yoshlari  ishtirok etdilar.  
Xalqimiz, jumladan, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ijodkorlar va kitobxonlar o‘rtasidagi muloqotni yaxshilash maqsadida tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasida yozuvchilarning ham ishtirok etgani o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.  
-  Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, kitob ko‘rgazmalarining muntazam ravishda o‘tkazib borilishi yaqin vaqt oralig‘ida O‘zbekistonimizning tom ma’noda kitobxonlar yurtiga aylanishiga xizmat qiladi, -deydi “O‘zbekiston” NMIU direktori O.Meliev.
Kitob yarmarkasida “O‘zbekiston” NMIU, “O‘qituvchi”, “Sharq”, Cho‘lpon, G‘ofur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari hamda O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyoti tomonidan chop etilgan eng sara kitoblar to‘plami namoyish etildi.

Mo‘yqalamda yozilgan asar

“O‘zbekiston” nashriyot matbaa ijodiy uyi tomonidan O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Mirzoning “Musavvir” nomli yangi romani chop etildi.  Roman voqealari Toshkentdan borgan ikki do‘stning Moskva davlat san’at institutiga talaba sifatida o‘qishga kirishlari bilan boshlanadi. Keyin nima bo‘ldi? Moskvadagi oliy ilm dargohida olingan bilimning samarasi qanday kechdi? Ishonchlar, orzu-niyatlar ro‘yobga chiqdimi? Umidlar ushaldimi? Qay tariqa yuz berdi bari, tafsilotlar unutilganmi yoxud? “Musavvir” Siz aziz kitobxonlarni qiziqtirgan shu kabi savollarga javob tariqasida yozilgan. Real voqealar, biografik ma’lumotlar va xotiralarga asoslangan asarda bosh qahramon Baxtiyorning haqiqiy musavvirlik mahoratini egallash sari boshidan kechirgan sarguzashtlari, ajoyib-g‘aroyib ko‘rgan-kechirganlari, o‘y-mulohazalari ishonarli va ta’sirli bayon etilgan. Og‘zaki hikoya tarzidagi shirador ohang, so‘z va jumla qo‘llash uslubi o‘quvchini o‘ziga rom etadi. Asarda, shuningdek, ko‘plab milliy va jahon xalqlari adabiyoti, san’ati siymolari bilan bog‘liq nodir lavhalar zavq bilan o‘qiladi. Yorqin, sog‘inchli ranglar falsafasiga yo‘g‘irilgan yangi memuar asarni kitobsevar do‘stlarimizga tavsiya qilar ekanmiz, maroqli mutolaa sururi Sizni bir lahza ham tark etmasligiga ishonamiz.

“Turkiston”

“O‘zbekiston” NMIU tomonidan amerikalik tadqiqotchi, fan doktori, diplomat va sayyoh Yujin Skayler qalamiga mansub “Turkiston: Rossiya Turkistoni, Qo‘qon, Buxoro va G‘uljaga sayohat qaydlari” nomli yangi kitob nashr etildi. Tadqiqotchi va tarjimon Z.Saidboboyevning zahmatli mehnati va mahorati tufayli Markaziy Osiyo tarixshunosligi davrining haqqoniy shohidi bo‘lgan, salohiyatli olim tomonidan yozilgan, qimmatli asar qariyb 150 yildan so‘ng o‘zbek kitobxonlariga taqdim etildi.
Kitob o‘lkaning Rossiya imperiyasi istilosidan keyingi ijtimoiy tarixi va madaniy hayotiga doir ajoyib manba sanaladi. Muallif harbiy va siyosiy masalalar bilan birga ko‘proq O‘rta Osiyo xalqlari tarixi, ma’naviy hayotini yoritishga, uning asl falsafasi va tub ildizlarini topishga urinadi.  
Y.Skayler 1873 yilda – Rossiya imperiyasi O‘rta Osiyoda harbiy harakatlar olib borayotgan, nizolar kuchaygan, mustamlaka tizimi endigina qaror topayotgan, o‘ta ziddiyatli davrda o‘lkaga tashrif buyuradi va g‘arblik sayohatchilarning dastlabki vakili sifatida barcha ko‘rgan-kechirganlarini xolis, tushunarli va ravon tilda, ko‘plab daliliy ma’lumotlar asosida bayon etadi. Shu jihatdan asar mintaqaning o‘sha davr tarixini o‘rganishda muhim manbaa bo‘lib xizmat qiladi.  
Muallif o‘ta nozik kuzatuvchi sifatida ajdodlarimiz hayotining har bir jihatini o‘rganib, ularning o‘ziga ishongan hamda yuksak madaniyatli ziroatkor xalq bo‘lganiga amin bo‘ladi. U shunday yozadi: “O‘zbeklar tabiatan mohir mirishkor va ularning sanoat tarmoqlari mahalliydir”.
Kitobni o‘qir ekansiz, sayyoh va diplomatning O‘rta Osiyo bo‘ylab uzoq safariga hamroh, o‘lkani kezish jarayonidagi qiziqish va hayratlari, kechirgan qiyinchilik hamda mashaqqatlariga sherik, suhbatdoshlari bilan kechgan muloqotlariga shohid bo‘lasiz. Eng muhimi, muallif bayon etgan ajoyib tasvirlar orqali tarix sahifalarini yana bir varaqlab,  o‘tmish voqealarini esga olasiz.